7- Mavzu: Intranet – xususiy ichki tarmoq

Reja:

  1. Intranetning afzalliklari.
  2. Intranetni yaratish.
  3. Mavjud kompyuter tarmog'i asosida Intranet yaratish
  4. Intranetni yangidan yaratish.
  5. Intranetning ko‘pqatlamli modeli.

Tayanch tushunchalar: Intranet, - HTML, HTTP va brouzer, TCP/IP, web-server, web-brauzer, gopher-server.

1. Intranetning afzalliklari.
Intranet - biror yuridik shaxs(vazirlik, kompaniya, tashkilot, korxona, ta'lim muassasasi va sh.o‘.)ga tegishli kompyuter tarmog‘i bo‘lib, u Internetda sinovlardan yaxshi o‘tgan axborot texnologiyalari asosida yaratiladi.
"Intranet" tushunchasi 1994 yildan boshlab, Internetda Web texnologiyalari muvaffaqiyatli sinovlardan o‘tib zo‘r e'tibor qozongandan so‘ng paydo bo‘ldi. Zero Intranetni Web texnologiyasisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Intranet texnologiyasining asosida web texnologiyasining asosiy tarkibiy qismlari- HTML, HTTP va brouzer hamda Internetning asosiy protokoli TCP/IP yotadi.
Intranet an'anaviy kompyuter tarmoqlaridan farqli qator sifatlarga ega. Bular:
Boshqaruv va yuridik shaxs faoliyati yo‘nalishlarini avtomatlashtirishda Intranet texnologiyasi o‘zida odatda bir-biriga zid bo‘lgan markazlashtirish (nazorat va boshqaruvga nisbatan) va taqsimlanganlik (aloqa va ijroga nisbatan) tamoyillarini birlashtirishga imkon beradi;
Axborot resurslaridan foydalanish va ularni yaratib saqlash tamoyili ko‘proq undan foydalanuvchilar manfaatiga mos keladi, axborot foydalanuvchilar uchun zarur va qulay shaklda beriladi;
Axborotga kirish universal va sodda, asosan bir xil brauzer vositasida amalga oshiriladi. Bu xizmatchilarga qo‘shimcha qulayliklar tug‘diradi.
Resurslar ish joylarida yaratilib markazlashgan holda, Web-serverlarda saqlanadi, unga kirish intizomi aniq belgilab qo‘yiladi, axborot himoyasi osonlashadi;
Intranet o‘ziga xos taqsimlangan dasturiy, axborot va aloqa muhitini o‘zida mujassamlantirgan;
Axborot oqimi matn, tasvir, audio, video ko‘rinishida bo‘lgani uchun guruhiy faoliyatlar tele-, video-konferentsiyalar asosida yo‘lga qo‘yilishi oson;
Intranet avvalgi tarmoq turlariga nisbatan iqtisodiy samarali, uni mavjud turli-tuman vositalar, aloqa kanallari asosida ham tez yo‘lga qo‘yish mumkin. Bu investitsiyalarni iqtisod qilishga imkon beradi. Intranetning har bir ish o‘rni taxminan 50 AQSH dollariga tushadi.
Intranetdan yuridik shaxslar quyidagi yo‘nalishlarda foydalanadilar:
Yuridik shaxs hujjatlarini elektron nashr qilib turish. Intranet serverlarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, aktsiyalar ro‘yxati, ichki ma'lumotnomalar, standartlar, qoidalar va umuman yuridik shaxsning e'lon qilinadigan har qanday hujjati Web - sahifalar tarzida chiqarib turiladi. SHunday qilib yuridik shaxsning barcha xodimlari va mexmonlar uchun zarur axborot Web-sahifalarda yoritilib boriladi.
Yuridik shaxsning ma'lumotlar bazasi(jamg'armasi)dan foydalanish. Intranetdan foydalanuvchi brauzer vositasida serverdagi ma'lumotlar bazasi bilan to‘la ishlay oladi: server bazasidagi ma'lumotlarni o‘zgartish, ulardan foydalanish uchun uning HTML shaklini olib ishlab, so‘ngra serverga qaytarish kifoya. Server tegishli o‘zgarishlarni ma'lumotlar bazasiga o‘zi kiritib qo‘yadi.
Xat-xabar, hujjatlar bilan almashish. Buning uchun E-mail va UseNet xizmatlarini ishga tushirib qo‘yish kifoya.
Interaktiv (o‘zaro faol) ishlash. Buning uchun interaktiv munosabatlarni amalga oshiruvchi Web-sahifalarni tegishli dasturlar bilan ta'minlab qo‘yish kifoya.
Yuridik shaxsni avtomatlashtirish tizimi. Hozirgi kunda hujjatlar oqimini Intranet asosida yo‘lga qo‘yishda marketing, buxgalteriya, reja bo‘limi, moliya bo‘limi omborxona ishlari va boshqa bo‘limlar ishini avtomatlashtirishda Intranet texnologiyalari keng qo‘llanilmoqda.
Ta'lim va malaka oshirish. Yuridik shaxsni ta'lim va ilmiy-texnik axborot bilan ta'minlashda Intranetga muqobil yechim topish qiyin. Universitet, kollej, ilmiy muassasalarning student, professor - o‘qituvchi va boshqa xodimlari uchun Intranet muhitining qulayliklari haqida ortiqcha so‘zga xojat ham yo‘q.

Intranet texnologiyasi yuridik shaxsning mavjud mahalliy(lokal) yo mintaqaviy(keng makonli - global) kompyuter tarmog‘i negizida tez va eng kam sarf-xarajatlar evaziga Intranet hosil qilish imkonini beradi.
2. Intranetni yaratish.
Intranetni yaratish uchun qator tashkiliy va texnologiyaviy masalalarni rejalashtirib, ularni amalga oshirish lozim.
Tashkiliy masalalar.
Avvalo, Intranet strategiyasini belgilovchi qarorlar qabul qiluvchi mas'ul shaxs - Intranet rahbari tanlanadi va uning ixtiyoriga maslahatchilar, va ishchi guruh biriktiriiladi. Maslahatchilar sifatida Intranet yaratish tajribasiga ega mutaxassis-ekspertlar tanlanadi. Ishchi guruhga tarmoq tizimi ma'muri, Web-masterlar, tarmoq xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis, axborot ta'minoti bo‘yicha mutaxassis, dasturlovchilar va foydalanuvchilar vakillari kiritiladi. Intranetdan foydalanuvchilar vakillari uchun qisqa muddatli o‘qish tashkil etiladi.
Texnologiyaviy masallar.
Intranet yaratishda quyidagi tamoyillar asos qilib olinadi:
Mavjud komputer tarmog'i (agar u mavjud bo‘lsa) yoki unga tegishli qismlardan imkoni boricha to‘la foydalanish;
Sinovdan o‘tgan mavjud texnologiyalarni qo‘llash;
Tayyor dastur ta'minotlarini qo‘llash;
Internetning ochiq standartlaridan foydalanish.
Intranetning bosh texnologiyasi - Web texnologiyasidir. CHunki, u axborotni nashr qilish va undan birgalikda foydalanish uchun juda qulay bo‘lib, tarmoqning asosiy tuguni Web-server hosil qilish uchun katta mablag‘ talab qilmaydi.
Yuridik shaxs hududida Intranet yaratilishi oldidan ishlab turgan kompyuter tarmog'i bor - yo‘qligi Intranet yaratish bo‘yicha bajariladigan ishlar ko‘lami va tartibiga, yechimlar mazmuniga va ish muddatlariga juda katta ta'sir ko‘rsatadi.

3. Mavjud kompyuter tarmog'i asosida Intranet yaratish
Mavjud kompyuter tarmog'ida Intranet yaratishda uni quyidagi tarkibiy qismlardan tashkil topgan deb qarash mumkin:
Kompyuter tarmog'i;
Tarmoq amal tizimi; u TCP/IP protokolini qo‘llab-quvvatlaydigan bo‘lishi lozim;
Kompyuter-server; bu kompyuter tarmog'idagi mavjud yo unga qo‘shimch kompyuter bo‘lishi mumkin;
Serverning dasturiy ta'minoti;u Web-tarmoq yaratishga, shu jumladan, mijozlardagi brouzerlarning HTTP formatidagi so‘rovlarini qo‘llab quvvatlaydigan bo‘lishi lozim;
Kompyuter-mijozlar; bular kompyuter tarmog'ida mavjud yo unga qo‘shimcha kompyuterlar bo‘lib, ularda TCP/IP protokolini qo‘llab-quvvatlovchi brouzer o‘rnatilib, tarmoq dasturiy ta'minoti sozlab qo‘yilgan bo‘lishi lozim;
Axborot xavfsizligi tizimi; mavjud ximoya tizimi boshqatdan qayta qurishni talab qiladi.
Intranetning asosiy qismi Web-tarmoqni yaratish uchun odatda quyidagi amallarni bajarish kifoya:
Kompyuterlarni TCP/IP tarmog‘iga birlashtirish;
Tarmoq serverlaridan biri asosida Web-server hosil qilish;
Web-serverda barcha zarur hujjatlarni, audio-, video-fayllarni, ma'lumotlar jamg‘armalarini joylashtirish;
Har bir mijoz kompyuterda Web-brauzer o‘rnatish.
Agar fayl serveri sifatida kompyuter tarmog'ida Windows NT Server amal tizimi ishlatilayotgan bo‘lsa Web-server o‘rnatish juda oson ko‘chadi. Buning uchun Microsoft Book Officeli kompakt-diskdan Microsoft Internet Information Server (MIIS)ni unga yuklash kifoya. Uni www.Microsoft.com dan yuklab olish ham mumkin. MIIS o‘rnatish ustasi o‘z-o‘zicha indalmasa(ruscha, по умолчанию) uchta axborot serverini kompyuterga o‘rnatib qo‘yadi. Bular:
Web-server - axborot nashr etish uchun;
FTR-server - fayl uzatib olish uchun;
Gopher-server - serverdan fayllarni izlab olish uchun.
Web-texnologiyasiga qo‘shimcha suratda Internet texnologiyalaridan boshqalarini ham qo‘llash lozimligini aniqlab ularni amalga oshiruvchi dasturlarni o‘rnatish lozim. Bular elektron pochta (POP 3/SMTP), teleanjuman (NNTP - network news transfer protocol) xizmatlarini yo‘lga qo‘yish uchun mo‘ljallangan dasturlar - protokollar bo‘lishi mumkin. Shuningdek, mavjud kompyuter tarmog'idagi axborot himoyasi vositalarini boshqatdan qayta qurish lozim.
4. Intranetni yangidan yaratish.
Intranet o‘z tuzilishiga ko‘ra 4 asosiy qismdan tarkib topgan: aloqa, server, mijoz va himoya qismlari. SHularning tuzilishi intranetning turlarini belgilaydi. Intranetning tugunlari bo‘lmish server qismi serverlar soni, ularning jug‘rofiy joylashishi va xizmat turlari bilan xarakterlanadi. Eng sodda Intranet tuzilmasi yagona serverga (bitta tugunga) ega bo‘lib, unda Intranetda ko‘rsatiladigan barcha xizmat dasturlari mujassamlanadi. Murakkab Intranet tuzilmasida bir necha server (ko‘p tugun) bo‘lib, ular bir-biriga yaqin – mahalliy tarmoqda, yoki serverlar guruhlariga birlashib, bir-biridan olisda, turli mahalliy tarmoqlar tarkibida bo‘ladi.